YHXB va “O‘zbekiston pochtasi” orasida mojaro: jabr ko‘rayotgan haydovchilar

Qo‘limizda O‘zbekiston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi va “O‘zbekiston pochtasi” o‘rtasidagi sudda ko‘rilgan nizoga oid hal qiluv qarori mavjud. Sud qaroriga ko‘ra, Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi “O‘zbekiston pochtasi”dan 37, 52 milliard so‘m qarz. Yaʼni, bu qarz deyarli YPXning haydovchilarga yozgan jarima haqidagi bayonnomalarini yetkazish borasida kelib chiqqan.

Yaʼni, siz kameraga tushdingiz, buni bilmaysiz, bu haqdagi maʼmuriy bayonnoma sizga oradan a-ancha o‘tib yetib boradi. Bu borada 15 kunlik imtiyozdan mahrum bo‘lasiz, qo‘shimchasiga MIB degan idora ham jarimaga qo‘shib haqqini undirib oladi. “O‘zbekiston pochtasi” bu boradagi vaziyatni haqqini ololmagani bilan izohlamoqda. YHXB esa xizmatidan foydalanib, haqqini to‘lagisi kelmayapti. Orada yana xalq — haydovchilar jabr ko‘rmoqda.

Pultopar kameralar orqali haydovchilardan undirilayotgan milliardlar, trillionlarning katta qismi YXHB xarajatlariga ketadi. Ammo jarima haqidagi ogohlantirish xatlarini yuborish tugul ko‘rsatilgan xizmatning pulini to‘lashni ham xohlamayotgan bu idoraning kamiga sirkasi suv ko‘tarmaydi — tanqid qilsangiz baloga qolasiz!

Nima qilamiz endi, shunaqa zo‘rovonlar bilan yashamoqdamiz. Bu borada tartib o‘rnatishni so‘rab, Bosh prokuraturaga murojaat qilmoqchiydim, mamlakat tarixida o‘tgan to‘rt Bosh prokurorning uchtasi qamalib chiqqanini o‘ylab fikrimdan qaytdim. Haydovchilar, o‘z g‘amingizni o‘zingiz yeng — yo‘ldamisiz, jarimangiz borligini bilish maqsadida YHXB idoralarini tez-tez ziyorat qilib turing!

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *